- Создано: 27.Фев.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida
Qurilish-montaj ishlari sifatini yanada oshirish, qurilish sohasidagi nazorat qiluvchi inspeksiyalar rolini kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5577-son Farmoniga muvofiq:
1. Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasining 2020-yilning 1-aprelidan boshlab qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlari (keyingi o‘rinlarda — obyektlar) uchun xavf-xatarlar toifalari va obyektlarning funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
obyektlarning loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishga, obyektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi va davriyligiga qo‘yiladigan tabaqalashgan talablarni ularning xavf-xatarlar toifasi va funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda belgilash;
qurilish yakunlanganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy inspeksiyalar) tomonidan obyektning qurilish sohasiga oid qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazishni joriy qilgan holda, xavf-xatar toifasi past va yakka tartibdagi uy-joy qurilishi obyektlari uchun loyiha hujjatlari ekspertizasi, mualliflik nazorati va davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha majburiy talablarni bekor qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) va hududiy inspeksiyalar inspektorlariga, shuningdek, xavf-xatar toifasi yuqori bo‘lgan obyektlarda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga qo‘yiladigan malakaviy talablar va ularning javobgarligini kuchaytirish;
“Qurilishdagi nazorat” quyi tizimini 2020-yil 1-iyundan boshlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirgan holda, 2020-yil davomida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan elektron hujjat almashinuvini bosqichma-bosqich joriy etish.
2. Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida:
bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish;
yuridik va jismoniy shaxslarga obyektdagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;
obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish, sotish va qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar:
a) 2020-yil 1-martdan boshlab budjet tizimidagi budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari kapital ta’mirlash obyektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha talablar;
b) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich bekor qilinsin:
moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar xavf-xatar toifasi past obyektlar uchun — 2020-yil 1-maydan;
davlat xaridlari subyektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun — 2022-yil 1-yanvardan;
boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun — 2021-yil 1-yanvardan.
4. Belgilansinki, obyektlarni foydalanishga qabul qilish uchun ruxsatnomalar berish tartibi tatbiq qilinguniga qadar Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qurilishi tugallangan obyektlarni (davlat xaridlari subyektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari) foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yong‘in nazorati hududiy organlarini jalb qiladi hamda ular obyektlarni qabul qilish muddatlari doirasida Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga obyektning sanitariya normalari va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda hududiy inspeksiyalarning davlat sanitariya va yong‘in nazorati hududiy organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilangan tartibda ishlab chiqsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligining:
Inspeksiyaga davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomini berish va hududiy inspeksiyalarni unga bo‘ysundirish;
Inspeksiya tuzilmasida 2 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat bo‘lgan Komplayens xizmatini tashkil qilish va hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplayens-nazorat bo‘yicha mutaxassis lavozimini kiritish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2020-yil 1-iyuldan boshlab Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlariga, huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilsin.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 40 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Inspeksiya boshlig‘iga quyidagi huquqlar berilsin:
boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida, zaruratga ko‘ra, Inspeksiya shtat birliklariga o‘zgartirishlar kiritish;
obyektlar sonidan kelib chiqqan holda hududiy inspeksiyalar tuzilmasi va shtat birliklari normativlarini tasdiqlash;
hududiy inspeksiyalarning xarajatlar smetasini tasdiqlash.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Inspeksiya respublika davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga hisobdor bo‘ladi;
hududiy inspeksiyalarning boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri bilan kelishilgan holda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Inspeksiyaning Komplayens xizmati va hududiy inspeksiyalarning komplayens-nazorat bo‘yicha mutaxassislari bevosita Inspeksiya boshlig‘iga bo‘ysunadi;
Inspeksiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan, hududiy inspeksiyalar faoliyati esa qurilish-montaj ishlari qiymatidan ajratmalardan shakllantiriluvchi mablag‘lar hamda shartnoma asosida bajariladigan ishlar va xizmatlardan tushadigan daromadlar hisobidan moliyalashtiriladi.
8. 2020-yil 1-apreldan boshlab davlat qurilish nazorati amalga oshirilishi shart bo‘lgan barcha obyektlar bo‘yicha hududiy inspeksiyalarga ajratmalar qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,2 foiziga teng yagona miqdorda (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) belgilanadi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
0,02 foizi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma), shu jumladan 0,01 foizi — Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari ehtiyojlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
0,18 foizi hududiy inspeksiyalar ixtiyorida qoldiriladi.
9. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga ruxsat berilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning joriy va boshqa xarajatlarini moliyalashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Inspeksiya va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Qurilishda standartlashtirish respublika markazi huzurida obyektlar konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlarini xalqaro standartlarga muvofiq to‘laqonli sinovdan o‘tkazishni amalga oshiruvchi Kompleks qurilish sinov laboratoriyasini (keyingi o‘rinlarda — Kompleks laboratoriya) tashkil qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining taklifi ma’qullansin.
Kompleks laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 2020-yilda ajratiladigan 20 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi mablag‘lar hamda yetmaydigan qismi uchun — Jamg‘arma mablag‘lari belgilansin.
11. Quyidagilar:
Qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlari konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlari bo‘yicha Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tomonidan o‘tkaziladigan sinovlarning asosiy yo‘nalishlari 3-ilovaga muvofiq;
Kompleks qurilish sinov laboratoriyasini jihozlash uchun xarid qilinadigan asosiy uskunalar, mashina va mexanizmlar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. 2020-yil 1-martdan boshlab Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 1,4 barobarga oshirilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
a) manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar to‘g‘risidagi, shuningdek, loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi hukumat qarorlari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2020-yil 1-iyunga qadar ichki nazoratni, mualliflik va texnik nazoratni, shuningdek, obyektlar ustidan davlat qurilish nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar sertifikatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlasin;
b) bir oy muddatda Jamg‘arma mablag‘lari va hududiy inspeksiyalar mablag‘lari hisobidan 2020-2021-yillarda hududiy inspeksiyalarni zamonaviy mobil ko‘chma qurilish laboratoriyalari bilan jihozlash dasturini tasdiqlasin;
v) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlarining doimiy ravishda, shu jumladan chet elda malaka oshirishini va keyinchalik har bir hududiy inspeksiyadagi xodimlar uchun majburiy treninglar o‘tkazilishini tashkil qilsin;
g) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Inspeksiyani mebel, inventar, uskunalar va qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar bilan ta’minlasin, shu jumladan 3 dona xizmat yengil avtomobili ajratsin;
d) 2020-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarini hamda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, davlat organlarining samarasiz va ortiqcha funksiyalarini bekor qilish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ushbu jarayonga xususiy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilishni nazarda tutgan holda, qurilish ustidan nazorat mexanizmlari samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan birgalikda ikki oy muddatda taqdim etiladigan ma’lumotlar ro‘yxatini ko‘rsatgan holda davlat organlari va Inspeksiya o‘rtasida idoralararo elektron hamkorlikni tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
15. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abay ko‘chasi, 6-uy manzilida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda hududiy inspeksiyalarni joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi asosida binolar ajratib berilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov — mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, har oyda bajarilgan ishlar to‘g‘risida ularning rahbarlari hisobotlarini qabul qilsin va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
qurilish vaziri B.I. Zakirov — mazkur qarorning sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini, mazkur qarorni o‘z vaqtida ijro etishda mas’ul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy yordam berilishini ta’minlasin, shuningdek, har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatovga uning amalga oshirilishi jarayoni to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etsin;
qurilish vazirining o‘rinbosari — Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i K.N. To‘laganov — davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibini joriy etish, Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bosqichma-bosqich tatbiq qilish bo‘yicha ishlar sifatli tashkillashtirilishini, shuningdek, ushbu qarorni amalga oshirish davomida yuzaga keladigan joriy masalalar tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 5-fevral,
PQ-4586-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi
tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 40 nafar.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni belgilangan me’yorlarga muvofiq aniqlanadi.
* xodimlarning cheklangan soniga kirmaydi va qurilish sohasida tegishli hududiy nazorat inspeksiyalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining
namunaviy tuzilmasi
*Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlari soni hisob-kitoblaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni belgilangan me’yorlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qaroriga
3-ILOVA
Qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash obyektlari konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlari bo‘yicha Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tomonidan o‘tkaziladigan sinovlarning
asosiy yo‘nalishlari
1. Beton va temirbeton buyumlarini sinovdan o‘tkazish
2. Metall va metall buyumlarini sinovdan o‘tkazish
3. Quruq qurilish materiallarini sinovdan o‘tkazish
4. Keramik materiallarni sinovdan o‘tkazish
5. Tabiiy va sun’iy toshlar, ulardan tayyorlangan buyumlarni sinovdan o‘tkazish
6. Yog‘och va yog‘ochdan tayyorlangan buyumlarni sinovdan o‘tkazish
7. Sanitariya-texnik mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish
8. Lok-bo‘yoq mahsulotlari, yelimlar, bitum, mineral paxta, gidroizolatsiya materiallarini sinovdan o‘tkazish
9. Yo‘l to‘shamasi va tuproqning konstruktiv qatlamlarini sinovdan o‘tkazish
10. Sanitariya-epidemiologik va radiatsiya sinovlari
11. Olovli sinovlar
12. Ko‘tarib turuvchi va to‘suvchi konstruksiyalarni sinovdan o‘tkazish
13. Geodezik tekshiruvlar
14. Muhandislik tarmoqlarini sinovdan o‘tkazish
15. Issiqlik texnikasi va akustika sinovlari
16. Binolarning energiya samaradorligini, energiya tejamkor uskunalar va qayta tiklanadigan energiya manbalarini baholash bo‘yicha sinovlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qaroriga
4-ILOVA
Kompleks qurilish sinov laboratoriyasini jihozlash uchun xarid qilinadigan asosiy uskunalar, mashina va mexanizmlar
ro‘yxati
T/r |
Uskunalar, mashina va mexanizmlarning nomlanishi |
Soni |
Taxminiy narxi |
I. Sinov uskunalari |
|||
1. |
Asfaltbeton zichligini o‘lchash qurilmasi |
1 |
5 000 |
2. |
Tuproq penetrometri |
1 |
2 000 |
3. |
Beton namunalarining suv o‘tkazmasligini sinash uchun qurilma |
2 |
9 000 |
4. |
Beton namligini o‘lchash qurilmasi |
1 |
600 |
5. |
Beton mustahkamligini o‘lchash qurilmasi |
2 |
6 600 |
6. |
Betonning sovuqqa bardoshliligini o‘lchash qurilmasi |
1 |
3 700 |
7. |
Betonning sovuqqa bardoshliligini o‘lchovchi dilatometrik qurilma |
2 |
15 000 |
8. |
Issiqlik o‘tkazuvchanlikni o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 000 |
9. |
O‘tkazuvchanlikni vakkumli o‘lchagich |
1 |
3 000 |
10. |
Mobil sinov pressi |
2 |
30 000 |
11. |
Asfaltbeton zichligini o‘lchash qurilmasi |
2 |
18 000 |
12. |
Tuproq zichligi dinamik o‘lchagichi |
1 |
4 900 |
13. |
Yo‘l diagnostikasi kompleksi |
1 |
13 000 |
14. |
Sement faolligini aniqlash asbobi |
1 |
3 000 |
15. |
Fasad ankyerlarini sug‘urib chiqarish kuchini o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 700 |
16. |
Adgezimetr |
3 |
15 000 |
17. |
Qoziqoyoqlar uzunligini o‘lchash qurilmasi (qoziqoyoqlar diagnostikasi asbobi) |
1 |
4 000 |
18. |
Ko‘p kanalli vibroanalizator |
1 |
3 000 |
19. |
Issiqlik-fizik kattaliklar registratori |
1 |
1 100 |
20. |
Issiqlik o‘tkazuvchanlikni o‘lchash qurilmasi |
2 |
29 000 |
21. |
Beton himoya qatlami qalinligi va armatura joylashuvini o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 000 |
22. |
Qurilish materiallari mustahkamligini o‘lchash qurilmasi (elektron sklerometr, defektoskop) |
1 |
1 700 |
23. |
G‘ovakli betonlar mustahkamligini o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 200 |
24. |
Ultratovushli defektoskop |
2 |
5 500 |
25. |
Linoleumning abraziv yemirilishga bardoshliligini sinash mashinasi |
2 |
9 000 |
26. |
Eyilish testeri |
1 |
600 |
27. |
Ignasimon qalinlik o‘lchagich |
1 |
700 |
28. |
Vakuumli qurilma |
1 |
800 |
29. |
Tuproqning filtrlanish koeffitsiyentini aniqlash asbobi |
3 |
1 500 |
30. |
Standart zichlanish asbobi |
1 |
200 |
31. |
“Izgib” asbobi |
1 |
500 |
32. |
Abrazimetr |
2 |
29 900 |
33. |
Bog‘lovchi tarkibini termik ishlov berish yo‘li (otjig) bilan avtomatik tarzda aniqlash qurilmasi |
2 |
7 200 |
34. |
Universal zichlagich |
1 |
5 000 |
35. |
Polkali baraban |
1 |
2 000 |
36. |
Yuzali maydalash mashinasi |
2 |
500 |
37. |
Asfaltbeton aralashmalari namunalarini presslash mashinasi |
2 |
3 000 |
38. |
Armatura detektori |
2 |
12 000 |
39. |
Beton mustahkamligini aniqlash asbobi |
1 |
4 000 |
40. |
Ultratovush tarqalishining vaqti va tezligini o‘lchash qurilmasi |
2 |
10 000 |
41. |
Mikroskop |
2 |
500 |
42. |
Past chastotali ultratovushli tomograf |
2 |
98 000 |
43. |
Infraqizil termometr |
2 |
1 800 |
44. |
Armatura lokatori |
2 |
12 000 |
45. |
Defektoskop |
2 |
2 600 |
46. |
Magnitometr |
1 |
500 |
47. |
Ultratovushli portativ qattiqlikni o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 600 |
48. |
Dinamometrik kalit |
2 |
800 |
49. |
Tuproqni standart zichlash asbobi |
2 |
9 600 |
50. |
Metall izlovchi |
1 |
500 |
51. |
Ferrodetektor |
1 |
400 |
II. Yordamchi uskunalar |
|||
52. |
Avtomatik yong‘in signalizatsiyasi tizimi |
1 |
4 600 |
53. |
Perforator |
3 |
3 000 |
54. |
Borozdodel |
3 |
1 000 |
55. |
Magnitli parmalash dastgohi |
2 |
100 |
56. |
Burchakli silliqlash mashinasi |
2 |
700 |
57. |
Perforator |
2 |
400 |
58. |
Texnik fen |
2 |
300 |
59. |
Olmos bilan burg‘ulash qurilmasi |
1 |
800 |
60. |
Benzinli generator |
2 |
1 300 |
61. |
Magnit kukunli yarmoli elektr defektoskop |
1 |
600 |
62. |
Yonboshdan 90 gradusli burchak ostida kuzatish uchun texnik endoskop komplekti, adapteri bilan |
1 |
2 000 |
63. |
Burg‘ilash qurilmasi |
1 |
500 |
64. |
Chok kesish qurilmasi |
1 |
2 900 |
65. |
Georadar kompleksi |
1 |
400 |
66. |
Qoziqoyoqlar diagnostikasi asbobi |
2 |
2 000 |
67. |
Aerodrom-yo‘l o‘lchov laboratoriyasi kompleksi |
1 |
234 000 |
68. |
Shisha tarkibini aniqlash uchun detektor |
1 |
700 |
69. |
Havo o‘tkazuvchanligini aniqlash uchun o‘lchov tizimi |
1 |
800 |
III. �lchov vositalari |
|||
70. |
Elektron laboratoriya tarozilari |
3 |
3 800 |
71. |
Noavtomatik tarzda ishlovchi tarozi |
1 |
4 300 |
72. |
Siqish bo‘yicha sinov mashinasi |
1 |
27 000 |
73. |
Kombinatsiyalashgan test asbobi |
2 |
400 |
74. |
Kichik o‘lchamli gidravlik press |
1 |
6 000 |
75. |
Siqishni o‘lchash dinamometri, indikatori bilan |
1 |
1 200 |
76. |
Issiqlik o‘tkazuvchanlikni o‘lchash asbobi |
2 |
20 000 |
77. |
Sinov pressi |
2 |
44 000 |
78. |
Hajmli differensial dilatometr |
1 |
1 000 |
79. |
Tortiluvchi havo hajmini aniqlash asbobi |
1 |
2 000 |
80. |
Yog‘och namligini o‘lchash qurilmasi |
1 |
1 600 |
81. |
Siqishni o‘lchaydigan ko‘chma etalon dinamometr |
1 |
1 000 |
82. |
Grindometr asbobi |
1 |
500 |
83. |
Portativ rN-metr |
1 |
700 |
84. |
Rezina qattiqligini o‘lchash qurilmasi |
2 |
1 400 |
85. |
Qalinlik o‘lchagich |
2 |
500 |
86. |
Viskozimetr |
1 |
200 |
87. |
Brinell mikroskopi |
1 |
200 |
88. |
Suv o‘tkazmaslikni aniqlash qurilmasi |
1 |
500 |
89. |
Issiqlik o‘tkazuvchanlikni o‘lchash qurilmasi |
1 |
3 500 |
90. |
Vibroo‘zgartirgich |
1 |
1 000 |
91. |
Meteorologik barometr-aneroid |
1 |
200 |
92. |
Lazerli masofa o‘lchagich |
1 |
800 |
93. |
Raqamli multimetr |
1 |
500 |
94. |
Mobil qurilish laboratoriyasi |
3 |
300 000 |
Jami |
138 |
1071600 |
Izoh:
Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tomonidan o‘zlashtiriladigan sinovlarni o‘tkazish yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan ushbu ro‘yxatga laboratoriyani tashkil etish va jihozlash ishlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Yakuniy summa tender (tanlov) savdolari va boshqa tartib-tamoyillar yakunlariga ko‘ra davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.02.2020-y., 07/20/4586/0127-son)