O'zbekiston Respublikasi VM qarorlari va farmoishlari
Чоп этиш

 

[OKOZ:

1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.12.00.00 Qurilish / 09.12.14.00 Qurilish sohasidagi nazorat va huquqbuzarliklar uchun javobgarlik]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Arxitektura va qurilish]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

 

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga;

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2020-yil 28-may,

343-son

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 343-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish, rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.

Inspeksiya qurilish va shaharsozlik sohasida davlat nazoratini amalga oshiradi (yo‘l qurilishi obyektlari va hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan obyektlar bundan mustasno).

2. Inspeksiya davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga hisobot beradi.

3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shu jumladan Qurilish vazirligining qarorlari va buyruqlariga amal qiladi.

4. Inspeksiya o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

5. Inspeksiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.

6. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

7. Inspeksiyaning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi;

qisqartirilgan nomi — Qurilish nazorati inspeksiyasi;

b) rus tilida:

to‘liq nomi — Inspeksiya po kontrolyu v sfere stroitelstva pri Ministerstve stroitelstva RespublikiUzbekistan;

qisqartirilgan nomi — Inspeksiya stroitelnogo nadzora;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Inspectorate for Control in the Construction Field at the Ministry of Construction of the Republic of Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi — Construction Supervision Inspectorate.

8. Inspeksiyaning manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abay ko‘chasi, 6-uy.

9. Inspeksiya tizimiga Inspeksiyaning markaziy apparati va hududiy inspeksiyalari kiradi.

2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari

10. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

aholi punktlari kompleks qurilishlarini, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunlar, shaharsozlik me’yorlari, qoidalari va standartlarga rioya qilinishini, qurilish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, hududiy qurilish boshqarmalarning qat’iy amal qilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini, pudratchining ichki nazorat tizimini olib borilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

Oldingi tahrirga qarang.

yangi qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarni shakllantirish va platformaga kiritilishini ta’minlash hamda mavjud binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishini nazoratga olish.

(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 102-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son)

11. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) aholi punktlari kompleks qurilishlarini, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunlar, shaharsozlik me’yorlari, qoidalari va standartlarga rioya qilinishini, qurilish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

hududiy qurilish sohasidan nazorat inspeksiyalari tomonidan aholi punktlarida qurilish-montaj ishlarini olib boruvchilar, jumladan buyurtmachi, pudratchi va loyiha tashkilotlari tomonidan qurilish sohasidagi shaharsozlik hujjatlariga rioya etish qoidalariga amal qilinishini nazorat qiladi;

qurilish-montaj ishlarining bajarilishida shaharsozlik me’yorlari, qoidalari va standartlarga rioya qilinishini qurilish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatadi;

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilishda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga rioya etishlari yuzasidan nazorat o‘rnatadi va tahliliy ma’lumotlarni yuritadi;

b) tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

qurilish obyektlarida qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini tekshirish uchun shaharsozlik faoliyati subyektlaridan belgilangan tartibda loyiha, texnologik va ijro hujjatlari, shuningdek, boshqa zarur ma’lumotlarni so‘raydi va oladi;

qurilish obyektlaridagi avariya va nosozliklar bo‘yicha ogohlantirish tadbirlari o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qiladi;

v) aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, hududiy qurilish boshqarmalari tomonidan qat’iy amal qilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga asosan qurilish obyektlarini joylashtirilishiga qat’iy amal qilinishini nazoratga oladi;

g) buyurtmachining texnik nazorati, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini va pudratchining ichki nazorat tizimini olib borilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

hududiy nazorat inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tgan qurilish obyektlarida buyurtmachining texnik nazorati, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati olib borilishini tanlab nazorat qiladi;

qurilish obyektlarida buyurtmachi, loyiha tashkiloti va pudrat tashkilotlari tomonidan olib boriladigan nazorat ishlari yetarli tashkil etilmaganligi uchun ularning mansabdor shaxslariga nisbatan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqadi.

Oldingi tahrirga qarang.

d) yangi qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarni shakllantirish va platformaga kiritilishini ta’minlash hamda mavjud binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishini nazoratga olish sohasida:

seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan barcha turdagi binolar va inshootlarning, shuningdek, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarning buyurtmachilar tomonidan rasmiylashtirilishini tashkillashtiradi va muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasida qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlaydi, shuningdek, instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish hamda zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralar ko‘radi.

(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 102-sonli qaroriga asosan “d” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son)

3-bob. Inspeksiya markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi

12. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

bino va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv buzilishlar aniqlangan holatlarda, qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish;

yuridik va jismoniy shaxslarga huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish;

Oldingi tahrirga qarang.

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillariga rioya qilinmagan hamda aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha kamida ikkita ko‘rsatma bajarilmagan taqdirda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib qo‘yish va demontaj ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish;

(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-maydagi 290-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2021-y., 09/21/290/0440-son)

loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli idoralar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, sotish va qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari va hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik faoliyatiga oid qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan qarorlarni bekor qilish bo‘yicha ularga taqdimnomalar kiritish;

qurilishda nazorat ishlari natijalarini tahlil qilish, umumlashtirish hamda monitoringini olib borish bo‘yicha hududiy inspeksiyalarga tegishli ko‘rsatmalar berish;

o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari hamda tashkilotlardan belgilangan tartibda olish;

shaharsozlik faoliyati sohasida eng muhim muammolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibida ishtirok etish;

Inspeksiyaga huquqbuzarlik holati bo‘yicha e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish;

buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazorati olib borilishi yuzasidan hududiy inspeksiyalar tomonidan bajarilgan ishlar monitoringini yuritish;

tasdiqlangan bosh rejalarga amal qilinishi monitoringini yuritish, loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning tahliliy ma’lumotlarini yuritish;

qurilish-montaj ishlarining nazorati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish;

qurilish sohasidagi qonunchilik faoliyati samaradorligini oshirib borishda ishtirok etish;

shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, qurilish me’yorlari va qoidalari ishlab chiqilishida ishtirok etish hamda Qurilish vazirligiga takliflar kiritish;

qurilish obyektlarida tasdiqlangan loyiha hujjatlari, amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari hamda qo‘llanilayotgan qurilish materiallari va buyumlari bo‘yicha shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va tahliliy ma’lumotlarni yuritish;

hududiy inspeksiyalar tomonidan har oylik bajarilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni umumlashtirish;

qurilish sohasidagi nazorat faoliyatida bajarilgan ishlar yuzasidan elektron axborot tizimini tashkil etish;

Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarning inspektorlarini o‘qitish, professional tayyorlash, qayta tayyorlash va kasbiy malakasini oshirish uchun Qurilish vazirligi huzuridagi oliy o‘quv yurtlarining arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida qurilish nazorati faoliyatiga doir o‘qishlarini tashkil etish;

qurilish sohasida xorijiy davlatlar mutaxassislarini jalb qilgan holda tajriba almashish va inspeksiya xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish;

Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar inspektorlarini qonunchilikda belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va ularning natijalariga ko‘ra tegishli sertifikatlar berish;

hududiy inspeksiyalarni zamonaviy sinov laboratoriya o‘lchov asboblari bilan ta’minlashga ko‘maklashish;

qurilish sohasida davlat nazorati faoliyatidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishda ishtirok etish;

Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar ish faoliyatida foydalanishi uchun uslubiy va metodik qo‘llanmalar, yo‘riqnomalar ishlab chiqish va tasdiqlash;

Inspeksiyaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni o‘zining vakolati doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;

qurilish sohasiga oid uchrashuv, yig‘ilish va o‘quv seminarlarini tashkil etish va o‘tkazish.

13. Inspeksiya:

unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek, qurilish-montaj ishlari va qurilish sohasida davlat nazoratini samarali amalga oshirish;

Qurilish vazirligiga Inspeksiya tomonidan kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Inspeksiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati va pirovard natijalari uchun javob beradi.

4-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish

14. Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan qurilish vaziri o‘rinbosari — Inspeksiya boshlig‘i rahbarlik qiladi.

Inspeksiya boshlig‘i boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida, zaruratga ko‘ra, Inspeksiya shtat birliklariga o‘zgartirish kiritish, obyektlar sonidan kelib chiqqan holda hududiy inspeksiyalar tuzilmasi va shtat birliklari normativlarini hamda hududiy inspeksiyalarning xarajatlar smetasini tasdiqlash huquqiga ega.

15. Inspeksiya boshlig‘i qurilish vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.

Inspeksiya boshlig‘i bo‘lmagan davrda, boshliq vazifasini uning o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.

Inspeksiya boshlig‘i:

laboratoriya va binolarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmatlari qiymatini aniqlash metodikasini tasdiqlaydi;

hududiy inspeksiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan moddiy — texnika bazasini tashkil etishda amaliy yordam beradi;

hududiy inspeksiyalar boshliqlarini qurilish vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;

hududiy inspeksiyalar komplayens-nazorat bo‘yicha mutaxassislarni lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish hamda ularning bajarilishining nazoratini tashkil etadi;

Inspeksiya xodimlarining faoliyatini rag‘batlantirish uchun tegishli buyruqlar chiqaradi;

inspektorlik vakant lavozimlariga taklif qilinayotgan nomzodlarning qurilish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, mutaxassisligi bo‘yicha muxandis-quruvchi, arxitektor, muxandis-gidrotexnik, malakali, amaliy tajribaga ega ekanligi, yuqori darajali kasbiy va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lishi kafolatlanganligini ta’minlaydi.

16. Inspeksiya boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

5-bob. Inspeksiya boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari va markaziy apparati rahbarlarining asosiy funksional vazifalari

17. Quyidagilar Inspeksiya boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

Qurilishni nazorat qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

Inspeksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Inspeksiya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlari sifatli va to‘liq ijro etilishini ta’minlash;

Inspeksiya faoliyatini rejalashtirish, Inspeksiyaning choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishini nazorat qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Qurilish vazirligining qarorlari va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishi va monitoringi olib borilishining amaliy tizimini tashkil etish;

Inspeksiya faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, qonun hujjatlari talablariga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun markaziy apparatning mansabdor shaxslari va hududiy inspeksiyalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

Inspeksiya markaziy apparati va hududiy inspeksiyalar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

qonun hujjatlariga muvofiq Inspeksiya tizimida lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, shuningdek, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini keyinchalik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun sifatli ishlab chiqishni tashkil etish va Qurilish vazirligiga kiritish;

Inspeksiya rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida samarali bo‘lish va O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy delegatsiyalar tashrifini tashkil etishda mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish va tashkil qilish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;

hududiy inspeksiyalar faoliyatining samaradorligi va natijadorligining tanqidiy tahlilini muntazam ravishda o‘tkazish, ularning hisobotlarini Inspeksiya majlislarida eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur hollarda ularni belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;

Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini belgilangan tartibda hal qilish, ularning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish, shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

Inspeksiya xodimlarining Odob-axloq qoidalarini tasdiqlash, shuningdek, ularga rioya qilinishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiya tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini qabul qilish, shuningdek, huquqiy amaliyot va qonun hujjatlarini takomillashtirish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularning yuzaga kelishiga yordam beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf qilish;

Inspeksiya va uning tarkibiy bo‘linmalari ishini tashkil qilishning zamonaviy shakllarini joriy qilishni ta’minlash;

“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, shu jumladan, Inspeksiyaning axborot tizimi samaradorligi va sifatini oshirish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil qilish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, shaxsan qabul qilishni tizimli ravishda o‘tkazish, shu jumladan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini joyning o‘ziga chiqib qabul qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushayotgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali ishlashni tashkil qilish, ularning faoliyatida Inspeksiya xodimlari va rahbarlarining faol ishtirokini ta’minlash;

davlat siri va maxfiy ma’lumotlar sirasiga kiradigan ma’lumotlar bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

markaziy apparatning tarkibiy bo‘linmalari va hududiy inspeksiyalar to‘g‘risidagi nizomlarni, lavozim yo‘riqnomalarini va Inspeksiyaning boshqa ichki hujjatlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;

Inspeksiya xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish, shuningdek, ularning ijrosini belgilangan tartibda nazorat qilish;

Inspeksiya markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga belgilangan shtatdagi xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish.

Inspeksiya boshlig‘i qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksional vazifalarni ham amalga oshiradi.

18. Quyidagilar Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari Inspeksiya boshlig‘i vaqtincha bo‘lmaganda, uning vazifalarini bajarish;

Inspeksiyaning o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;

Inspeksiya faoliyatining o‘zi mutasaddilik qiladigan yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Inspeksiyaning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar tomonidan reja ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish, bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish va ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

Vazirlikning Inspeksiya faoliyatiga taalluqli buyruqlari, Inspeksiya buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalarda xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha Inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish;

huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishni tashkil qilish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, shaxsan qabul qilishni tizimli ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini joyning o‘ziga chiqib qabul qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushayotgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali ishlashni tashkil qilish, ularning faoliyatida Inspeksiya xodimlari va rahbarlarining faol ishtirokini ta’minlash;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.

19. Quyidagilar Inspeksiya markaziy apparati rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;

tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

o‘z vakolatlari doirasida hududiy inspeksiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Inspeksiya tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning kotibiyatlari, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Inspeksiyaning bayonnoma qarorlari, qurilish vazirining va Inspeksiya rahbariyatining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

tarkibiy bo‘linmalarning ish rejalari ishlab chiqilishini, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari faoliyatida amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish;

mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish, ularning kasbiy mahorati, layoqati, amaliy tajribasi, ishchanlik va ma’naviy-axloqiy sifatlari yuqori darajasining kafolatlanganligini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini qabul qilish;

tarkibiy bo‘linmalarning xodimlari faoliyati samaradorligini tanqidiy tahlil qilib borish, yig‘ilishlarda ularning hisobotlarini eshitish, natijalar bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni qabul qilish;

xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlari xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;

Inspeksiya xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiyada korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini qabul qilish, huquqiy amaliyot va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tatbiq etish yo‘li bilan ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;

davlat siri va boshqa maxfiy ma’lumotlar bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish, qonun hujjatlarini takomillashtirish haqida takliflar ishlab chiqish va Inspeksiya boshlig‘iga kiritish.

6-bob. Inspeksiya boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari va markaziy apparati rahbarlarining javobgarligi

20. Inspeksiya boshlig‘i:

Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 17-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

21. Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari:

Inspeksiyaning o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarida Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan Inspeksiyaning mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 18-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

22. Markaziy apparatning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari:

tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;

ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan Inspeksiya markaziy apparatining javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 19-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarini sifatli bajarish uchun shaxsan mas’uldir.

7-bob. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari

23. Inspeksiya boshlig‘i Inspeksiya faoliyati va unga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoringni olib boradi hamda Inspeksiya faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.

24. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.

25. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan Inspeksiya faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va indikatorlariga asoslanadi.

26. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha quyidagi choralar ko‘riladi:

Inspeksiya rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;

Inspeksiya faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish.

27. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

8-bob. Inspeksiya markaziy apparati tarkibiy tuzilmalarining o‘z hududiy inspeksiyalari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi

28. Inspeksiya markaziy apparati tarkibiy tuzilmalarining hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy tuzilmalarining rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.

29. Inspeksiya markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari hududiy inspeksiyalari bilan o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilib:

topshiriqlarni hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;

hududiy inspeksiyalari va idoraviy mansub tashkilotlarga tarkibiy tuzilmalarning bevosita faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;

hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini tekshiradi va o‘rganadi, umumlashtiradi, takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va Inspeksiya rahbariyatiga kiritadi;

hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishi va umumlashtirilishini tashkil etadi;

hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar ko‘radi;

hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tuzilmalar ishtirokini tashkil etadi, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi.

30. Hududiy inspeksiyalar va idoraviy mansub tashkilotlar Inspeksiya markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, shu jumladan:

Inspeksiya rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida xabar beradi;

belgilangan faoliyat sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida Inspeksiyaning markaziy apparatiga axborot taqdim etadi;

ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida ishda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida xabar beradi;

o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan muddatlarda Inspeksiyaning markaziy apparatiga taqdim etadi;

Inspeksiya vakolatiga taalluqli sohalardagi muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni Inspeksiyaning markaziy apparatiga yuboradi;

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat organlarining hududiy tuzilmalari, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik natijalari to‘g‘risida xabar beradi;

vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi;

joylarda Inspeksiyaning hay’ati yig‘ilishini, seminar, konferensiya, tanlov, ko‘rik va boshqa tashkiliy tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

31. Inspeksiya markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va hududiy inspeksiyalarining o‘zaro hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Inspeksiya boshlig‘ining topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni tartibga solishning imkoniyati bo‘lmasa, so‘nggi qaror bevosita boshliq tomonidan qabul qilinadi.

9-bob. Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi

32. Inspeksiya xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi quyidagilardan iborat:

a) lavozim maoshidan;

b) quyidagi miqdordagi oylik ustama haqlaridan:

Inspeksiyaning boshqaruv xodimlarining lavozim maoshiga 40 foiz miqdorda;

Inspeksiyaning boshqaruv, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga uzoq muddat va uzluksiz xizmati uchun (respublika davlat boshqaruvi organidagi mehnat faoliyati) uchun ustama haq:

2 yildan 5 yilgacha — 10 foiz miqdorida;

5 yildan 10 yilgacha — 20 foiz miqdorida;

10 yildan 15 yilgacha — 30 foiz miqdorida;

15 yildan 20 yilgacha — 40 foiz miqdorida;

20 yildan 25 yilgacha — 50 foiz miqdorida;

25 yildan — 60 foiz miqdorida;

v) quyidagilarni o‘z ichiga oladigan rag‘batlantiruvchi va boshqa to‘lovlardan:

mehnat qonunchiligida belgilangan bayram sanalar munosabati bilan xodim lavozim maoshining bir baravarigacha (rag‘batlantiruvchi koeffitsentni hisobga olgan holda) miqdorda;

xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning ish samaradorligini oshirish maqsadida har oyda yo‘l transporti xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha (xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno) hamda xodimlarning ovqatlanishi xarajatlariga ko‘maklashish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lovlari;

zarur hollarda, o‘n oylik bazaviy hisoblash miqdorida (xodimning davolanishi, yubiley yoshi munosabati bilan, shuningdek, pensiyaga chiqqanda, to‘y, dafn marosimi va boshqalar uchun) xodimlarga kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda moddiy yordam puli.

33. Xodimlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotib olish uchun har yili bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.

34. Inspeksiya xodimlari quyidagi shakllarda moddiy rag‘batlantiriladi:

mukofotlash;

lavozim maoshiga shaxsiy ustamalar to‘lash;

moddiy yordam ko‘rsatish.

35. Inspeksiya xodimlari xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi hamda ishdagi yuksak yutuqlari uchun Inspeksiya boshlig‘i tomonidan quyidagicha mukofotlanadi:

yil yakuni bo‘yicha xodimlarning samarali mehnatlarini hisobga olgan holda, lavozim maoshining bir baravari miqdorida mukofotlash;

Inspeksiya xodimlariga mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Inspeksiya boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Inspeksiya xodimlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq xar oylik belgilanadigan quyidagi miqdorlardagi to‘lovlar beriladi:

70 balldan 79 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 50 foiz;

80 balldan 89 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 100 foiz;

90 balldan 100 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 200 foiz.

36. Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ijro intizomi buzilganda, lavozim maoshiga belgilangan ustamalar bekor qilinishi yoki kamaytirilishi mumkin.

37. Mehnatga haq to‘lash fondini shakllantirishda yil hisobiga bir oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam ko‘rsatish va ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofotlash uchun mablag‘lar nazarda tutiladi.

38 Xodim vafot etgan hollarda, moddiy yordam (agar xodim vafot etgan yilda bevosita unga moddiy yordam ko‘rsatilmagan bo‘lsa) uning turmush o‘rtog‘iga, turmush o‘rtog‘i yo‘qligida — u bilan birga yashovchi voyaga yetgan farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylar va homiylarga) yoxud voyaga yetmagan bolalarni (bolalikdan nogironlarni — yoshidan qat’iy nazar) farzandlikka olganlarga, shuningdek, agar xodimlar nikohda bo‘lmaganda va farzandlari bo‘lmagan hollarda, xodimning qaramog‘idagi shaxslarga yoki ota-onalariga teng ulushda to‘lab beriladi.

39. Istisno tariqasida, xodimning asoslantirilgan arizasiga asosan Inspeksiya rahbarining roziligi bilan mehnatga haq to‘lash fondiga ajratilgan mablag‘lar doirasida quyidagi hollarda qo‘shimcha tarzda moddiy yordam ko‘rsatilishi mumkin:

yaqin qarindoshlari vafot etganda — o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasiga asosan;

alohida ehtiyoj tug‘ilganda (baxtsiz hodisa, avariya, uzoq muddatli kasallik sababli maxsus davolanish yoki oiladagi og‘ir moddiy ahvol).

40. Xodimlar xarajatlarini qoplash, moddiy yordam miqdori va uning to‘lanishi xodimda intizomiy jazo chorasi mavjudligiga bog‘liq bo‘lmaydi.

41. Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar:

xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

42. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Inspeksiya xodimlariga respublika budjetidan quyidagi mablag‘lar nazarda tutiladi:

yagona tarif setkasi bo‘yicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;

40 foiz miqdorida mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda);

yilda oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam;

ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofot puli;

15 foizlik moddiy rag‘batlantirish fondi.

43. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Inspeksiya xodimlariga boshqa to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

44. Inspeksiya xodimlariga Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 2-ilova bilan tasdiqlangan Mehnatga haq to‘lash razryadlari qo‘llaniladi.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

45. Inspeksiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

46. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 343-son qaroriga
2-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari to‘g‘risida

NAMUNAVIY NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Namunaviy nizom O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda — Hududiy inspeksiya) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarligini belgilaydi.

2. Hududiy inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) tarkibiga kiradi va o‘z vakolati doirasida o‘ziga biriktirilgan hududlardagi qurilish obyektlarida qurilish materiallari, mahsulotlari va konstruksiyalarining texnik boshqaruv va normativ hujjatlari talablariga muvofiqligini, shaharsozlik faoliyatiga oid qonun hujjatlariga hamda qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishini tanlov asosida nazorat qiladi.

3. Hududiy inspeksiya qurilish va shaharsozlik sohasida nazorat organi hisoblanadi (yo‘l qurilishi obyektlari va hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan obyektlar bundan mustasno).

4. Hududiy inspeksiya o‘z faoliyati yuzasidan Inspeksiyaga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

5. Hududiy inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shu jumladan Qurilish vazirligi va Inspeksiyaning buyruqlari, qarorlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

6. Hududiy inspeksiya xo‘jalik hisobidagi tashkilot hisoblanadi.

7. Hududiy inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, banklarda hisobvaraqlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

8. Hududiy inspeksiyaning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi;

qisqartirilgan nomi — Hududiy qurilish nazorati inspeksiyasi;

b) rus tilida:

to‘liq nomi — Territorialnaya inspeksiya po kontrolyu v sfere stroitelstva pri Ministerstve stroitelstva Respubliki Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi — Territorialnaya inspeksiya po kontrolyu stroitelstva;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Territorial Inspectorate of Construction Supervision under the Ministry of Construction of the Republic of Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi — Territorial Construction Inspection Inspectorate.

2-bob. Hududiy inspeksiyaning vazifalari va funksiyalari

9. Quyidagilar Hududiy inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

aholi punktlari kompleks qurilishlarini, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunlar, shaharsozlik me’yorlari, qoidalari va standartlarga rioya qilinishini tanlov asosida davlat nazoratini amalga oshirish;

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, hududiy qurilish boshqarmalari tomonidan qat’iy amal qilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini, pudratchining ichki nazorat tizimini olib borilishini nazorat qilish;

qurilish obyektlaridagi qurilish materiallari, mahsulotlari va konstruksiyalarining shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat standartlari talablariga hamda loyiha hujjatlarida qabul qilingan texnik yechimlarga, qurilish-montaj ishlarining barcha bosqichlariga rioya etishlarini nazorat qilish;

qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish;

shaharsozlik qonunchiligiga, qurilish sohasidagi qurilish me’yorlari va qoidalari bo‘yicha Inspeksiyaga takliflar kiritish va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishda ishtirok etish;

Oldingi tahrirga qarang.

yangi qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarni shakllantirish va platformaga kiritilishida hamda mavjud binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishida ishtirok etish.

(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 102-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son)

10. Hududiy inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) aholi punktlari kompleks qurilishlarini, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunlar, shaharsozlik me’yorlari, qoidalari va standartlarga rioya qilinishini tanlov asosida davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

qurilish obyektlarida tasdiqlangan loyiha hujjatlari, amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari hamda qo‘llanilayotgan qurilish materiallari va buyumlarini shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlariga rioya etilishini tanlov asosida nazorat qiladi;

yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunlarga, qurilish me’yorlari va qoidalari hamda standartlariga rioya etilishini tanlov asosida nazorat qiladi;

b) aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari, hududiy qurilish boshqarmalari tomonidan qat’iy amal qilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish sohasida:

tasdiqlangan bosh rejalarga qat’iy amal qilinishi yuzasidan hududiy qurilish boshqarmalari tomonidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshiradi;

qurilish obyektlarida sinovlar amalga oshirilganligi, topotasvirlar mavjudligini nazorat qiladi;

v) buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini, pudratchining ichki nazorat tizimi amalga oshirilishini nazorat qilish sohasida:

qurilish obyektida buyurtmachi, loyiha tashkiloti va pudratchi tomonidan ijro hujjatlarini yuritilishini, shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini hamda qurilish sohasida qonunda ko‘rsatilgan litsenziyali faoliyat turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini nazorat qiladi;

g) qurilish obyektlaridagi qurilish materiallari, mahsulotlari va konstruksiyalarining shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat standartlari talablariga hamda loyiha hujjatlarida qabul qilingan texnik yechimlarga, qurilish-montaj ishlarining barcha bosqichlariga rioya etishlarini nazorat qilish sohasida:

Oldingi tahrirga qarang.

moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, xavf-xatar toifasidan kelib chiqqan holda, qurilish obyektlarida (xavf-xatar toifasi past bo‘lgan hamda ikki qavatgacha, (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan past va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylar shuningdek 300 metr kubdan kichik bo‘lgan noturar bino va inshootlardan tashqari) ruxsat berilgan hujjatlar mavjudligi, shaharsozlik norma va qoida talablariga rioya etilayotganligi borasida belgilangan tartibda inspektorlik nazoratini o‘tkazadi;

(10-bandning “g” kichik bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-maydagi 290-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2021-y., 09/21/290/0440-son)

qurilish obyektlarida xavf-xatar toifasidan kelib chiqqan holda tanlov asosida nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;

d) qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida:

Oldingi tahrirga qarang.

O‘zbekiston Respublikasining davlat dasturlariga kiritilgan hamda davlat budjeti mablag‘laridan moliyalashtirilgan obyektlarning qurilishi va na’munaviy loyihalar bo‘yicha quriladigan yakka tartibdagi hamda ikki qavatdan yuqori (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylar shuningdek 300 m.kubdan ko‘p hajmdagi noturar bino va inshootlarda qurilish-montaj ishlarining bajarilishini to‘g‘ridan to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tkazadi;

(10-bandning “d” kichik bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-maydagi 290-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2021-y., 09/21/290/0440-son)

Hududiy inspeksiyadan tegishli tartibda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish xay’ati tarkibida majburiy ishtirok etadi.

Oldingi tahrirga qarang.

e) yangi qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarni shakllantirish va platformaga kiritilishida hamda mavjud binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish sohasida:

seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan barcha turdagi binolar va inshootlarning, shuningdek, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlarning buyurtmachilar tomonidan rasmiylashtirilishini tekshiradi;

O‘zbekiston Respublikasida qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash, shuningdek, seysmik zaif hisoblangan bino va inshootlarni instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish hamda zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralar ko‘rishga ko‘maklashadi.

(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-martdagi 102-sonli qaroriga asosan “e” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son)

11. Hududiy inspeksiya inspektorlari qonunchilikda belgilangan tartibda har 3 yilda attestatsiyadan o‘tadilar va ularga natijalariga ko‘ra maxsus guvohnoma beriladi.

3-bob. Hududiy inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi

12. Hududiy inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda, qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish;

yuridik va jismoniy shaxslarga obyektdagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

Oldingi tahrirga qarang.

qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillariga rioya qilinmagan hamda aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha kamida ikkita ko‘rsatma bajarilmagan taqdirda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib qo‘yish va demontaj ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish;

(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-maydagi 290-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.05.2021-y., 09/21/290/0440-son)

loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

obyektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish, sotish va qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

hududiy davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o‘z vakolati doirasiga kiruvchi masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rash va olish;

hududiy davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga Hududiy inspeksiya vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Hududiy inspeksiyada belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan obyektlarda nazorat funksiyalarini vakolatli organni xabardor qilmagan holda amalga oshirish;

qurilish obyektlarida foydalanilayotgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish uchun shaharsozlik faoliyati subyektlaridan belgilangan tartibda loyiha, texnologik va ijro hujjatlari, shuningdek, boshqa zarur ma’lumotlarni so‘rash va olish;

pudratchi tashkilotlarga konstruksiyalarning alohida detallarini ochish, poydevordagi va qayta to‘ldiriladigan tuproqni tekshirish ishlarini topshirish, zarurat bo‘lganda, tegishli xulosa tayyorlash uchun ilmiy-tadqiqot tashkilotlaridan ekspert-mutaxassislarni jalb qilish;

qurilish obyektlarining barcha bosqichlarida pudratchining ichki, loyihachining mualliflik va texnik nazoratni amalga oshiruvchi mutaxassislarning maxsus sertifikatlari mavjudligini tekshirish, nazorat davomida sertifikat mavjud bo‘lmaganda buyurtmachi, pudratchi va loyiha tashkilotlariga mas’ul shaxslarni qurilish obyektlaridan chetlashtirish yuzasidan taqdimnomalar kiritish;

shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi holati aniqlanganda, huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalarni rasmiylashtirish;

avariya holatidagi binolar, inshootlar, ularning qismlari, konstruktiv elementlari va avariyaga olib kelgan sabablarni tekshirish bo‘yicha texnik komissiyalarda ishtirok etish;

mavjud binolar va inshootlarning texnik holatini shartnoma asosida o‘rganish va tegishli xulosa berish;

qurilish obyektlarida sinov laboratoriya ishlarini shartnoma asosida o‘tkazish;

shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma’muriy bayonnomalar tuzish va ishlarni ko‘rib chiqish, huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish;

shaharsozlik qonunchiligi talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot, loyihalash va nodavlat notijorat tashkilotlari hamda boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlik qilish;

qurilish ishlarida mustahkamlik, seysmik qoidalarining buzilishi natijasida aholi sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazilishi yoki og‘ir oqibatlarga olib kelinishini oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga choralar ko‘rish yuzasidan tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda xabar berish;

nazorat natijalarini tahlil qilish, xalqaro tajribalarni o‘rganish, me’yoriy talablarni takomillashtirish bo‘yicha, qurilish-montaj ishlarini yaxshilash hamda qurilish materiallaridan oqilona foydalanish yuzasidan takliflar kiritish;

har chorakda Inspeksiyaga bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berish;

elektron reytinglarni joriy etish uchun o‘rnatilgan muddatlarda “Shaffof qurilish” bo‘yicha Inspeksiyaning milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirgan ma’lumotlarni taqdim etish;

o‘ziga yuklangan vazifalar doirasida ish rejalari, shuningdek, aniq faoliyat yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish, belgilangan tartibda tasdiqlash va Inspeksiyaga taqdim etish;

Inspeksiya topshirig‘iga binoan shaharsozlik va qurilish masalalari bo‘yicha o‘quv seminarlarni tashkil qilish va o‘tkazish;

Hududiy inspeksiya xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ehtiyojini o‘rganish, shuningdek, bu masalalar bo‘yicha Inspeksiyaga aniq takliflar kiritish;

Hududiy inspeksiya nomenklaturasiga kiritilgan lavozimlarga malakali kadrlarni tavsiya qilish;

Hududiy inspeksiya manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, inspeksiya vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha da’vogar va javobgar bo‘lish.

13. Hududiy inspeksiya:

o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

shaharsozlik faoliyati subyektlarining qurilish-montaj ishlari loyiha hujjatlariga muvofiq ravishda bajarilishini tanlab nazorat qilish;

qurilish obyektlarida ishlatilayotgan qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarining texnik jihatdan tartibga solish normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash;

qurilish sohasida qonunlarning ijro etilishi, aniqlangan qonunbuzarlik holatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash hamda o‘z vakolati doirasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rish;

har oylik, choraklik va yillik hisobotlar, ma’lumotlar va statistik ma’lumotlarning o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;

qurilish obyektlarda aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida hududlarda tegishli sohani rivojlantirishga doir takliflar tayyorlash uchun mas’uldir.

4-bob. Hududiy inspeksiya faoliyatini tashkil etish

14. Hududiy inspeksiya boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri bilan kelishilgan holda, Inspeksiya boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

15. Hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘zi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega.

Inspeksiya boshlig‘i:

Hududiy inspeksiya xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;

Hududiy inspeksiya xodimlarini faoliyatini rag‘batlantirish uchun tegishli buyruqlar chiqaradi;

inspektorlik vakant lavozimlariga taklif qilinayotgan nomzodlarning qurilish sohasida kamida 3 yillik ish tajribasiga, mutaxassisligi bo‘yicha muxandis-quruvchi, arxitektor, muxandis-gidrotexnik, malakali, amaliy tajribaga ega ekanligi, yuqori darajali kasbiy va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lishi kafolatlanganligini ta’minlaydi.

16. Inspeksiya boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

17. Hududiy inspeksiyalar nizomi, tuzilmasi, shtat birliklari normativlarini hamda xarajatlar smetasini Inspeksiya boshlig‘i tasdiqlaydi.

5-bob. Hududiy inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari

18. Quyidagilar Hududiy inspeksiya boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish;

Hududiy inspeksiyalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari hamda Qurilish vazirligi va Inspeksiya hujjatlari va qarorlari bilan Hududiy inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasi va Qurilish vazirligining topshiriqlari va hujjatlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda barcha darajadagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun Hududiy inspeksiya xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

Qurilish vazirligi va Inspeksiyaning buyruqlari, qarorlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

Inspeksiyaning faoliyati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

Hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiyada korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, huquqiy amaliyot va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tatbiq etish yo‘li bilan ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatda va tartibda ko‘rib chiqish;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda huquqbuzarliklar bo‘yicha dalolatnomalar tuzish va ko‘rsatmalar berish;

inspektorlik vakant lavozimlariga taklif qilinayotgan nomzodlarning qurilish sohasida kamida 3 yillik ish tajribasiga, mutaxassisligi bo‘yicha muxandis-quruvchi, arxitektor, muxandis-gidrotexnik, malakali, amaliy tajribaga ega ekanligi, yuqori darajali kasbiy va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lishi kafolatlanganligini ta’minlash;

Hududiy inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, jumladan, ularning egallab turgan lavozimlariga layoqatli ekanligini ko‘rib chiqish, shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Hududiy inspeksiyaning belgilangan ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlash va bu bo‘yicha Inspeksiya boshlig‘iga taklif kiritish;

Hududiy inspeksiya xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli tanqidiy tahlil qilish;

Hududiy inspeksiya faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va maqbulligini oshirish bo‘yicha taklifni Inspeksiya boshlig‘iga ko‘rib chiqish uchun kiritish;

davlat sirlariga oid va maxfiy tusga ega bo‘lgan axborotlar bilan ishlashda qonun talablariga rioya qilish;

Hududiy inspeksiya xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish;

Hududiy inspeksiya mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etish;

shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarininng buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.

ushbu Nizomga muvofiq majburiyatlarni taqsimlashga ko‘ra boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

19. Quyidagilar Hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

Hududiy inspeksiya boshlig‘i vaqtincha bo‘lmaganda, uning vazifalarini bajarish;

Hududiy inspeksiyaning o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish, ular xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;

Hududiy inspeksiya faoliyatining o‘zi mutasaddilik qiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Inspeksiyaning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlar tomonidan reja ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish, bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish va ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlari rahbarlarining ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlar faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, bo‘limlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

Inspeksiyaning Hududiy inspeksiya faoliyatiga taalluqli buyruqlari, Hududiy inspeksiya buyruqlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlar xodimlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Hududiy inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish;

o‘zi mutasaddilik qiladigan bo‘limlar rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha Hududiy inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish;

huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqilishini ta’minlash;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.

6-bob. Hududiy inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarlarining javobgarligi

20. Hududiy inspeksiya boshlig‘i:

Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, shuningdek, ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha;

ushbu Nizomning 18-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

21. Hududiy inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari:

tegishli bo‘limlarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;

ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 19-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarini sifatli bajarish uchun shaxsan mas’uldir.

7-bob. Hududiy inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari

22. Hududiy inspeksiya boshlig‘i Hududiy inspeksiya faoliyati va unga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoring olib boradi hamda Hududiy inspeksiya faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.

23. Hududiy inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.

24. Hududiy inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan Hududiy inspeksiya faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va indikatorlarga asoslanadi.

25. Hududiy inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha quyidagi choralar ko‘riladi:

Hududiy inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;

Hududiy inspeksiya faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish.

26. Hududiy inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi Inspeksiya tomonidan belgilanadi.

8-bob. Hududiy inspeksiyaning Inspeksiya bilan hamkorlik qilish tartibi

27. Hududiy inspeksiya Inspeksiya bilan hamkorlikda:

faoliyatning belgilangan sohasida qonunlarni amalga oshirish natijalari haqida axborot taqdim etadi;

faoliyatni o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va qonunbuzarliklarni bartaraf etish natijalari haqida axborot beradi;

o‘z ishi natijalari haqida hisobotlar taqdim etadi;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi muammolarini, jumladan, aholining eng muhim muammolarini hal qilishga mo‘ljallangan takliflarni yo‘llaydi;

vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyati tekshiruvi natijalari haqida axborot beradi.

9-bob. Hududiy inspeksiyalar faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish

28. Hududiy inspeksiya faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

a) davlat qurilish nazorati amalga oshiriladigan barcha obyektlar uchun Hududiy inspeksiyalarga ajratmalarning qurilish-montaj ishlari qiymatining (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 0,18 foiz miqdoridagi Hududiy inspeksiyalar ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lar;

b) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan moliyalashtiriladigan mablag‘lar;

v) mavjud binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish bo‘yicha shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan, shuningdek, laboratoriya xizmatlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan xizmatlarning boshqa turlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlar.

29. Mavjud binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning, shuningdek, sinov laboratoriya xizmatlari va Inspeksiya tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar boshqa turlarining qiymatini aniqlash metodikasi Inspeksiya tomonidan tasdiqlanadi.

30. Hududiy inspeksiya xodimlariga Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibida belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari tatbiq etilgan holda, ushbu mablag‘lar Hududiy inspeksiyalar hisobidan amalga oshiriladi.

Hududiy inspeksiyaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shu jumladan qo‘shimcha to‘lovlar, ustama haqlar, mukofotlar, ijtimoiy va boshqa to‘lovlarni to‘lash Hududiy inspeksiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha moliyalashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

Hududiy inspeksiyaning xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini tashabbus ko‘rsatib va vijdonan bajarganliklari uchun Hududiy inspeksiya boshlig‘i tomonidan inspeksiya mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 200 foizigacha ustama belgilanishi mumkin.

10-bob. Yakunlovchi qoida

31. Hududiy inspeksiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 343-son qaroriga
3-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha

Oldingi tahrirga qarang.

(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)

2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, uning tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2018-yil 31-martdagi 603-son qarorida:

a) 1-bandda:

to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

beshinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 4 va 4a-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;

v) 5-ilovaning 4-bandiga:

quyidagi mazmundagi o‘n beshinchi xatboshi qo‘shilsin:

“qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan jamg‘armaga yo‘naltirilgan mablag‘larning 0,01 foizi — Inspeksiya va uning Hududiy inspeksiyalari ehtiyojlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;”

o‘n beshinchi xatboshi o‘n oltinchi xatboshi deb hisoblansin.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.05.2020-y., 09/20/343/0687-son; 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son, 08.05.2021-y., 09/21/290/0440-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.03.2022-y., 09/22/102/0190-son)