Yangiliklar
Чоп этиш

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida “Yangi asr iste’dodlari – 2016” respublika talabalar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi,“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda arxitektura va qurilish sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlarining 150 talabasi o‘zining 500 ga yaqin loyiha va ijodiy ishlari bilan qatnashdi. 


– To‘rt yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur tanlov arxitektura, dizayn va qurilish sohasida qobiliyatli va salohiyatli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularning loyiha va g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashishga xizmat qilmoqda, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti prorektori A’zamiddin Qo‘ldoshev. – Tanlovda eng yaxshi, deb e’tirof etilgan arxitektura va muhandislik loyihalari, tasviriy san’at asarlari, zamonaviy qurilish materiallaridan yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida keng foydalanilmoqda. Jumladan, keyingi yillarda Samarqand shahri va viloyat tumanlarida istirohat bog‘lari, zamonaviy favvoralar bunyod etish, ko‘chalarni rekonstruksiya qilishda ushbu tanlovda qatnashgan talabalarimiz loyihalaridan keng foydalanildi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida olib borilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlarida ham yosh mutaxassislar o‘z ishlanmalari bilan faol ishtirok etmoqda. 

Ishtirokchilar “Eng yaxshi tasviriy san’at asari”, “Eng yaxshi amaliy san’at asari”, “Eng yaxshi arxitekturaviy loyiha va maket”, “Eng yaxshi dizayn loyiha va maket”, “Eng yaxshi muhandislik loyihasi va ishlanmasi”, “Eng yaxshi qurilish materiallari va texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Taqdim etilgan ijodiy ishlarni baholashda maket va loyihaning yangiligi, dolzarbligi, ularda milliylik va zamonaviylikning uyg‘unlashuvi, qulayligiga alohida e’tibor qaratildi. 

“Eng yaxshi amaliy san’at asari” yo‘nalishida I darajali diplom bilan taqdirlangan SamDAQI talabasi R.Gulmirzayevning “Afrosiyob”, “Eng yaxshi dizayn loyiha va maket” yo‘nalishi bo‘yicha A.Nortoyevaning “Qor malikasi saroyi” (Bolalar markazi) nomli loyiha va ishlanmalari, shuningdek, Toshkent, Namangan, Jizzax, Nukus shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlari talabalarining ijodiy ishlari hakamlar hay’ati, mutaxassislar va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ko‘plab loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qurilish tashkilotlari bilan kelishuvlarga erishildi. 

Manba: Uza.Uz